Yangiliklar
Toshkentdagi sanoat korxonalari shahar tashqarisiga ko‘chirilmoqda
Toshkent shahrida ekologik yuklamani kamaytirish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida sanoat korxonalarini shahar tashqarisiga ko‘chirish dasturi boshlatildi. Ishlar atrof-muhitni yuqori darajada ifloslantiruvchi korxonalarni ko‘chirishni nazarda tutuvchi tasdiqlangan hujjat asosida maxsus komissiya tomonidan amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bitta sanoat obyektini ko‘chirish poytaxtdagi chiqindilar hajmini yiliga 226 tonnadan ortiq kamaytirish imkonini beradi.
Asoslantirilgan takliflar va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda asbest va sement sanoati, charm-poyabzal va parrandachilik ishlab chiqarishlari, qora va rangli metallurgiya hamda boshqa energiya talab qiluvchi tarmoqlarni Toshkent, Nukus va viloyat markazlaridan shahar tashqarisiga ko‘chirish rejalashtirilmoqda.
Hozirda Toshkent shahrida ushbu talablarga javob beradigan 87 ta korxona mavjud. Ularni ko‘chirish ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnologik jarayonlarni zamonaviy ekologik standartlarga moslashtirish sharti bilan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Dastur doirasida maxsus komissiya sanoat obyektlarida doimiy reyd tekshiruvlarini o‘tkazmoqda. Jumladan, Yangihayot tumanidagi Janubiy sanoat zonasida ikkilamchi rangli metallarni yig‘ish, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “O‘zvtorstsvetmet” AJ faoliyati tekshirildi. Korxona ekologik xavflilik bo‘yicha I toifaga mansub.
2025-yil oktyabr oyida o‘tkazilgan tekshiruv yakunlariga ko‘ra, atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlandi. Korxonaga majburiy ko‘rsatma berildi hamda 18 mlrd 91 mln 717 ming 137 so‘m miqdorida ekologik zarar uchun kompensatsiya belgilandi.
Maxsus komissiya qarori va Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita ko‘rsatmalariga asosan korxona Jizzax viloyati sanoat zonasiga ko‘chiriladi va Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatadi.
Kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar hisobiga eskirgan va ekologik jihatdan xavfli eritish pechlari utilizatsiya qilinadi. Keyinchalik korxona zamonaviy ekologik talablarga to‘liq javob beruvchi yangi, yuqori texnologik uskunalarda faoliyatini davom ettiradi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yiliga o‘rtacha 226,7 tonna zararli moddalar atmosferaga chiqarilishining oldi olinishi va poytaxtning Yangihayot tumanida havo sifati sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda.
Avvalroq, biz xabar bergan edik, Prezident farmoniga muvofiq 2025-yildan boshlab Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida zararli va energiya talab qiluvchi korxonalar qurilishi taqiqlanadi, mavjudlari esa bosqichma-bosqich ko‘chiriladi.
Manba