15-yubiley Xalqaro «Isitish, ventilyatsiya, havoni isitish va sovutish, suv ta`minoti, santexnika, basseynlar, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, muqobil energiya manbalari – Aquatherm® Tashkent 2027» ko’rgazmasi

5 - 7 oktabr 2027, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

O‘zbekistonda 2027 yildan boshlab gibrid issiqlik ta’minoti tizimlarini joriy etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston hukumati tabiiy gaz yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda issiqlik ta’minoti uchun bir nechta variantni ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida — elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, issiqlik nasoslari bor. “Issiqlikta’minoti” rahbari so‘zlariga ko‘ra, gibrid tizimlarga o‘tish 2027 yilda boshlanishi rejalashtirilgan.
Ўзбек тилида O‘zbek tilida 19 oktyabr 2026, 16:01 Jamiyat
O‘zbekistonda 2027 yildan boshlab bir nechta energiya va yoqilg‘i manbalaridan foydalanadigan gibrid issiqlik ta’minoti tizimlariga o‘tish boshlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda 14 oktyabr kuni matbuot anjumanida “Issiqlikta’minoti” boshqaruvi raisi Ilhom Turaev ma’lum qildi.
Matbuot anjumanida tabiiy gaz yetkazib berishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarga issiqlik ta’minoti tizimining tayyorgarligi masalasi ko‘tarildi. Xususan, gaz yetishmovchiligi yoki uning uzilishi holatida isitish uchun qanday muqobil energiya manbalari va texnologik yechimlardan foydalanish mumkinligi muhokama qilindi.
Savolga javob berar ekan, Ilhom Turaev hozirda O‘zbekiston issiqlik ta’minotini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Bu ishga Jahon banki ko‘magida xalqaro maslahatchilar jalb etilgan.
“Gaz yetkazib berishning mumkin bo‘lgan to‘xtashi masalasiga kelsak, bugun issiqlik ta’minoti sohasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilmoqda. Jahon banki ko‘magida maslahatchilar jalb etilgan. Ular bilan birgalikda biz to‘rt-beshta ssenariyni belgiladik: elektrlashtirish, gibrid yechimlar, geotermal issiqlik manbalaridan va quyosh panellaridan foydalanish. Hozir maslahatchilar har tomonlama hisob-kitoblar olib bormoqda”, — dedi kompaniya rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy yo‘nalishlardan biri turli energiya manbalaridan issiqlik ishlab chiqarish uchun foydalanish imkonini beradigan gibrid tizimlarni joriy etish bo‘ladi.
“Bir narsani ayta olaman: 2027 yildan boshlab dasturlarimiz doirasida biz gibrid tizimlarga o‘tamiz”, — dedi Turaev.
U bunday yechimlar, jumladan, yangi turar joylar va “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun ham ko‘rib chiqilayotganini aniqlashtirdi.
Kompaniya raisi mumkin bo‘lgan energiya va yoqilg‘i manbalari sifatida tabiiy gaz, elektr energiyasi, dizel qurilmalari va muqobil yoqilg‘i turlarini tilga oldi. Bundan tashqari, quyosh energiyasi, geliokollektorlar va issiqlik nasoslaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Yopiq issiqlik ta’minoti tizimlariga o‘tish
Islohotning alohida yo‘nalishi markazlashgan issiqlik ta’minotini issiqlik berishni yanada moslashuvchan tartibga solish imkonini beradigan yopiq tizimlarga o‘tkazishdir.
Turaevning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘tish 2025 yil 11 martdagi PQ-100-son prezident qarorida nazarda tutilgan.
“Issiqlikta’minoti” raisi amaldagi ochiq tizimda isitishni tartibga solish imkoniyatlari cheklanganini tushuntirdi. Issiqlik tashuvchisi yopiq kontur bo‘ylab aylanadigan yopiq tizimga o‘tilgach, issiqlik berishni individual issiqlik punktlari orqali tartibga solish mumkin bo‘ladi.
“Yopiq tizimga o‘tganimizda, issiqlik tashuvchisi quvurlar bo‘ylab aylanadi. Shunda, agar aholi isitish uchun to‘lov qilishga tayyor bo‘lsa, uni ularning ehtiyojiga qarab individual issiqlik punkti orqali yoqish mumkin bo‘ladi. Bugun ochiq tizimda bunday imkoniyat yo‘q”, — deb tushuntirdi Turaev.

U, shuningdek, isitish mavsumining davomiyligini o‘zgartirish, xususan, ayrim hududlarda hali ham sovuq ob-havo saqlanib turgan mart oyiga uzaytirish imkoniyati haqidagi savolga javob berdi.
Isitish mavsumi tashqi havo o‘rtacha sutkalik harorati +8 darajadan past bo‘lgan ketma-ket besh kun o‘tgach boshlanishi va harorat +8 darajadan yuqori bo‘lgan shunday davrdan so‘ng yakunlanishi kerak.
Turaev haqiqiy yoqish va o‘chirish muddatlari ob-havo prognozlari hisobga olingan holda belgilanayotganini ta’kidladi.
“Toshkentda issiqlik ta’minoti 20 oktyabrdan keyin boshlanadimi yoki 10 noyabrdan keyinmi, buni oldindan hech kim ayta olmaydi. Qaror faqat bir haftalik prognoz olingandan keyin qabul qilinadi. O‘chirish ham xuddi shunday. Agar qor yog‘ishi kutilayotgan bo‘lsa, hech kim fevralda isitishni to‘xtatmaydi. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan”, — dedi u.

Kompaniya raisining so‘zlariga ko‘ra, isitish odatda mart oyida ham davom etadi, uni o‘chirish esa, odatda, ob-havo sharoitlarini hisobga olgan holda Navro‘zdan keyin ko‘rib chiqiladi.
2032 yilgacha issiqlik ta’minoti strategiyasi
Eslatib o‘tamiz, 24 sentyabr kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonning 2032 yilgacha barqaror issiqlik ta’minotini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan edi.
Hujjat ustida Jahon banki ekspertlari ishlamoqda.
Strategiyaning birinchi muhokamasida infratuzilma holati, issiqlik energiyasi yo‘qotishlari, resurslardan foydalanish samaradorligi va sohani modernizatsiya qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Vazirlik ustuvor yo‘nalishlar qatorida markazlashgan issiqlik ta’minotini rivojlantirish, foydalanilayotgan yoqilg‘i turlarini diversifikatsiya qilish, muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, binolarning energiya samaradorligini oshirish va xususiy investitsiyalarni jalb etishni qayd etdi.

Avvalroq, 2025 yil 11 martda prezident Shavkat Mirziyoyev issiqlik ta’minoti tizimini isloh qilish va binolarning energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida qaror (PQ-100) imzolagan edi.
Hujjatda ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha muassasalarida 8681 ta individual issiqlik punktini o‘rnatish hamda markazlashgan issiqlik ta’minotini yopiq tizimga o‘tkazish dasturi nazarda tutilgan.
Islohot doirasida hududiy issiqlik ta’minoti korxonalarini birlashtirgan “Issiqlikta’minoti” AJ ham tashkil etilgan.
Prezident matbuot xizmati ma’lum qilganidek, besh yil davomida issiqlik ta’minoti tizimlarini tiklash va modernizatsiya qilishga 19 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan. Markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovini 37 foizdan 58 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qariyb 9000 ta turar joy va ijtimoiy obyektni yopiq issiqlik ta’minoti tizimlariga o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu issiqlik yo‘qotishlarini ikki baravar kamaytirish va tabiiy gaz iste’molini 20 foizga qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda.
2026 yil yanvarida ma’lum qilinganidek, yil davomida 400 ta individual issiqlik punkti o‘rnatish va kamida 100 km issiqlik tarmoqlarini yangilash rejalashtirilgan.
Ko‘p qavatli uylar aholisi kvartiralarni markaziy isitishdan mustaqil ravishda uzib qo‘ya olmaydi va individual gaz qozonlariga o‘ta olmaydi, deb ma’lum qilingan edi O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ushbu matbuot anjumanida. Idorada taqiqni umumiy tizimga aralashish qo‘shni kvartiralarning issiqlik ta’minotini buzishi mumkinligi bilan izohlashdi.

Manba