Yangiliklar
O‘zbekistonda qurilish hajmini yiliga 280 ming xonadonga yetkazish rejalashtirilgan
Shavkat Mirziyoyev urbanizatsiya va uy-joy qurilishiga yangi yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida so‘nggi 8 yil ichida mamlakatda 120 mln kv. m turar-joy maydoni yoki 600 mingdan ortiq uy va kvartira qurilib foydalanishga topshirildi. Uy-joy sotib olishni qo‘llab-quvvatlash uchun 541 ming nafar fuqaroga umumiy qiymati 103 trln so‘m bo‘lgan imtiyozli ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratildi. Urbanizatsiya darajasi 1991 yildagi 40,3% dan 51% ga yetdi.
Biroq davlat rahbari amalga oshirilgan ishlar hali ham yetarli emasligini ta’kidladi. Respublikada har yili qariyb 200 ming yangi oila tashkil etilmoqda, bu esa yangi uy-joy, yo‘llar va ijtimoiy infratuzilmaga talab ortishini anglatadi.
Hozirgi vaqtda bir kishiga o‘rtacha 18,9 kv. m turar-joy maydoni to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkichni kamida 23 kv. m ga yetkazish uchun 2040 yilga borib yiliga 280 mingta yangi kvartira qurish sur’atini ta’minlash zarur.
Shu maqsadda urbanizatsiya sohasida boshqaruv yangi tizim asosida qayta tashkil etildi, uy-joy qurilishi hajmini bosqichma-bosqich oshirish vazifasi yuklatilgan alohida qo‘mita tuzildi. Jumladan, 2026 yilda 140 mingta, 2027 yilda 150 mingta va 2028 yilda 160 mingta kvartira qurish rejalashtirilgan.
Taqdimotda yer resurslaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlar hisob-kitoblariga ko‘ra, ayrim hududlarda aholi punktlarining tartibsiz kengayishi kelajakda qishloq xo‘jaligi yerlarining kamayishiga olib kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan eskirgan uy-joy fondini yangilash va renovatsiya ulushini oshirish zarurligi ta’kidlandi. 2040 yilga borib renovatsiya ulushini hozirgi 15% dan 60% ga yetkazish, shuningdek “Yangi O‘zbekiston” massivlari sonini 120 taga kengaytirish rejalashtirilgan.
Manba