Yangiliklar
O‘zbekiston suvni Sibirdan olib kelishdan ko‘ra, uni tejashni afzal ko‘radi
O‘zbekiston suv sarfini kamaytirishni sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali, Sibir daryolari oqimining bir qismini ko‘chirish bo‘yicha qimmat loyihada ishtirok etishdan ko‘ra foydaliroq deb hisoblaydi. Bu haqda suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamraev 19 noyabr kuni matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik olimlar yana Sibirdan Markaziy Osiyoga suv yetkazib berish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Taklif etilayotgan variantlardan biri dastlabki investitsiyalar $100 mlrd dan boshlab, yiliga qariyb 5 mlrd kub metr suvni ko‘chirishni nazarda tutadi.
Hamraev bunday rejalar sovet davridayoq ishlab chiqilganini eslatdi. O‘shanda suvni tashishning turli usullari o‘rganilgan, biroq 1986 yil 14 avgustda SSSR rahbariyati loyiha ustidagi ishlarni to‘xtatish haqida qaror qabul qilgan.
Vazir O‘zbekiston boshqa hududlardan suvni ko‘chirish uchun katta xarajatlarsiz ham suv resurslarini sezilarli darajada tejashga erishganini ta’kidladi.
«Biz allaqachon o‘zimiz 11 mlrd kub metr suvni tejayapmiz. Va buning uchun 100 mlrd dollar sarflamadik. Agar barcha tadbirlarimiz xarajatlarini jamlasak, ehtimol, taxminan 5 mlrd dollar chiqadi», — dedi Hamraev.
Uning bahosiga ko‘ra, sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish va suvni tejovchi texnologiyalarga qo‘shimcha $5–10 mlrd investitsiya qilish mamlakatga yanada ko‘proq suv tejash imkonini beradi.
Shu bilan birga, vazir kelajakda O‘zbekistonga qo‘shimcha suv ta’minoti manbalari kerak bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ehtiyoj iqlim o‘zgarishlari, yog‘ingarchilik miqdori va transchegaraviy daryolar havzalaridagi suv hajmiga bog‘liq bo‘ladi.
«Aytaylik, 2050-yillarga borib, agar tabiatning bunday mo‘’jizasi yuz bermasa, agar suv yildan yilga kamayib boraversa va iqlim o‘zgarishi bizga qarshi ishlashda davom etsa, biz qo‘shimcha suv manbalarini izlashga majbur bo‘lamiz», — dedi suv xo‘jaligi vaziri.
Hamraev, shuningdek, sovet loyihasi yiliga qariyb 27 mlrd kub metr suvni ko‘chirishni nazarda tutganini eslatdi. Uning fikricha, bunday sxema O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va qisman Turkmanistonga foyda keltirishi mumkin edi. Vazir keyingi tadqiqotlar va muzokaralar uning maqsadga muvofiqligini tasdiqlasa, bu g‘oyaga qaytish ehtimolini istisno etmadi.
2025 yil noyabrida Rossiya Fanlar akademiyasi olimlari Ob daryosi oqimining bir qismini Markaziy Osiyoga ko‘chirish imkoniyatini yana o‘rganishni taklif qildi. Ochiq kanallarga asoslangan sovet konsepsiyasidan farqli o‘laroq, zamonaviy variant yopiq quvurlar tizimidan foydalanishni nazarda tutadi.
Variantlardan biri uzunligi qariyb 2 100 km bo‘lgan yettita quvur liniyasini qurishni nazarda tutadi. Birinchi bosqichda yiliga qariyb 5,5 mlrd kub metr suv tashish, keyinchalik esa hajmni uch-to‘rt baravar oshirish rejalashtirilgan.
«IES Injiniring i Konsalting» kompaniyasi loyihalari rahbari Dmitriy Sozonovning bahosiga ko‘ra, dastlabki investitsiyalar kamida $100 mlrd ni tashkil qilishi mumkin. Yillik ekspluatatsiya xarajatlari $700 mln–1,5 mlrd deb baholanmoqda, asosiy quvvatlarni qurish esa kamida o‘n yil davom etishi mumkin. Rossiya Tabiiy resurslar vazirligida avvalroq loyiha hujjatlari idoraga kelib tushmagani, muhokama esa ilmiy-ekspert bosqichida bo‘lgani qayd etilgan.
Bu orada O‘zbekistonda suvni tejash dasturlari kengaytirishda davom etmoqda. 11 noyabr kuni Hamraev Qonunchilik palatasida suvni tejovchi texnologiyalar, sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish hisobiga 10,69 mlrd kub metr suv tejalganini ma’lum qildi.
Taxminan 5 mlrd kub metr tejamkorlik suvni tejovchi texnologiyalar va yerlarni lazerli tekislash hisobiga ta’minlangan. Yana 3,14 mlrd kub metr sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash, tiklash va betonlash orqali saqlab qolingan.
2025–2028 yillarga mo‘ljallangan suv xo‘jaligini rivojlantirish dasturi 2 551 km sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va 1,4 mln gektarda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutadi.
Rejalarga ko‘ra, 2028 yilga borib yillik suv tejalishi 14 mlrd kub metrga, 2030 yilga kelib esa — 15 mlrd kub metrga yetishi kerak.