13-Xalqaro «Isitish, ventilyatsiya, havoni konditsionerlash, suv ta`minoti, santexnika, basseynlar, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, muqobil energiya manbalari – Aquatherm® Tashkent 2025" ko’rgazmasi

7 - 9 oktabr 2025, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

Jizzaxda “Aqlli suv boshqarish tizimi” joriy etiladi — kutilayotgan natija qanday?

Loyihaning umumiy qiymati 21,6 million dollarni tashkil etadi.
TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida zamonaviy suv boshqaruvi yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Jizzax viloyatida bo‘lib turgan vazir Ibrohim Abdurahmonov Do‘stlik tumanida suv resurslarini oqilona boshqarish va samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan masofadan boshqarish loyihasi bilan tanishdi.

“Do‘stlik tumanining jami 33,4 ming gektar ekin maydonlari sug‘orish tizimi orqali ta’minlanadi. Biroq mazkur tizim 1970–1975 yillarda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, bugungi kunda irrigatsiya tarmoqlarida 30 foizdan ortiq suv yo‘qotilishi qayd etilmoqda. Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida zamonaviy texnologiyalar asosida “Aqlli suv boshqarish tizimi”ni joriy etish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Loyihaning umumiy qiymati 21,6 million dollarni tashkil etib, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida Xitoyning “Beyjing Xrunan” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Loyihaning amalga oshishi natijasida suvdan foydalanish samaradorligi 30 foizga oshishi, fermerlarning suv tejovchi tizimlarga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 20 foizgacha suv tejashga erishilishi kutilmoqda.

Bugungi kunda tumanning 7 100 gektar (21 foiz) maydonida suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Mazkur ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish uchun 297 milliard so‘mlik qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilgan.

“Vazir mazkur loyihaning amaliy ahamiyatiga yuqori baho berib, uning sinov tariqasida Do‘stlik tumanida joriy etilishi orqali boshqa hududlarda ham tatbiq etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.

Shuningdek, fermerlar bilan yanada yaqin hamkorlik o‘rnatish va ularning loyihaga qiziqishini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.